ZULFIYAXONIM IZDOSHLARI
«ZULFIYAXONIM» NOMIDAGI DAVLAT MUKOFOTIGA NOMZODIMIZ
HAKIMOVA SHAHZODA BAHRIDDIN QIZI
Bugungi rivojlanayotgan ta’lim jarayonida o‘z fikrini ravon ayta oladigan, ya’ni mustahkam immunitetga ega bo‘lgan hamda yuqori marralarni zabt etishga qodir avlodni tarbiyalash uchun ota-ona, oila muhiti juda katta ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, insonning qalbi va ongini egallash, ayniqsa, yoshlarning ma’naviy dunyosini zaharlashga qaratilgan turli xavf-xatarlar kuchayib borayotgan bugungi kunda o‘zining kimligini, qanday bebaho meros vorisi ekanligini teran anglab, ona yurtga muhabbat va sadoqat hissi bilan yashaydigan, iymon-e’tiqodi mustahkam yosh avlodgina Vatanimizni har tomonlama ravnaq toptirishga qodir bo‘ladi.
Bo‘lajak olima Hakimova Shahzoda o‘zining «Kimyo fani va uning tarixi», «Kimyo laboratoriyasida qurilmalardan foydalanish uchun QR-kodi yaratish» kabi maqolalarida kimyo fanining dolzarbligini yoritish orqali tengdoshlarini, shu bilan birga, O‘zbekiston yoshlarini bu fanga to‘g‘ri yo‘naltira olganligi tahsinga sazovordir. Ya’ni, muallif mulohazalari davomida kimyo fanining tabiiy dunyoni tushunishda hal qiluvchi roli haqida, uning boy tarixi Alkimyoning mistik izlanishlaridan tortib zamonaviy ilmiy izlanishlargacha bo‘lgan ming yilliklar haqida, shu bilan birga, kimyo fanini o‘rganish usullari va kimyo fanining rivoji zamonaviy hayotimizga bo‘lgan ta’siri haqida o‘zining ilmiy qarashlarini yoritib beradi. Keyingi maqolasi yuqoridagi fikrlarning davomi o‘laroq kimyo fani rivojida kimyoviy laboratoriyalarning o‘rni haqida fikr yurita turib kimyoviy laboratoriyalarda QR-kodlarining bajarilishini o‘rganish, afzalliklari va ularning amaliyotda to‘g‘ri qo‘llana olishini ta’kidlaydi. Chunki QR-kodlarini qo‘llash orqali laboratoriyalar aniq ma’lumotlarni yig‘ish, qurilmalarga texnik xizmat ko‘rsatish va ish oqimini uzluksiz boshqarishni ta’minlab ularning operatsion samaradorligini sezilarli darajada oshirishi mumkin.
Umuman olganda Hakimova Shahzoda biz bugun orzu qilayotgan chinakam Istiqlol farzandi, uyg‘oq yoshlarimizdan biridir. Ishonch bilan aytish mumkinki, ana shu tarzda katta jur’atlar bilan fikriy izlanishlarini izchillik bilan davom ettirsa, kelajakda yuksak marralarga erishadi. Albatta buning uchun bo‘lajak olima qizimiz hali kimyo fanida ko‘p o‘qishi, izlanishi va tadqiqotlar olib borishi lozim.